Ko‘zoynaklar nega terlaydi va oldini olish uchun nima qilish kerak?
Ushbu noxush muammoni maxsus yoki qo‘lbola vositalar bilan osongina hal qilsa bo‘ladi.
Nima uchun ko‘zoynaklar terlaydi?
Buning sababi harorat keskin pasayib ko‘tarilishidir. Qishda tashqarida yurganda linzalarning yuzasi soviydi va issiq xonaga kirganingizda, havodagi namlik ularga mayda tomchilar — kondensat shaklida joylashadi. Agar sovuqda iliq havo linzalarga urilsa yoki qaynoq suv solingan idishga boshingizni egsangiz, xuddi shunday bo‘ladi.
Ko‘zoynakni kondensatsiyadan qanday himoya qilish kerak?
Eng ishonchli usul — gidrofobik qoplamali linzalar o‘rnatish. U oyna sirtini silliq qiladi va suv tomchilari uning ustida turib qolmaydi. Bunday linzalar oddiylariga qaraganda qimmatroq, lekin ularni qayta ishlashga va artishga hojat bo‘lmaydi.
Agar ko‘zoynakni almashtirishni reja qilmayotgan bo‘lsangiz, ko‘zoynakni kondensatsiyadan o‘zingiz mana shunday usulda himoya qilib ko‘ring.
Maxsus vositalar
Optik do‘konlarda tarkibida gidrofobik birikmalar bo‘lgan spreylar yoki ushbu modda singdirilgan ko‘zoynak salfetkalari shaklida topish mumkin. Ushbu vositalar antifoglar deb ham ataladi. Ular sirtda namlikni qaytaradigan yupqa ko‘rinmas plyonka hosil qiladi. Uydan chiqishdan oldin, ko‘zoynakni changdan tozalab artib, antifogdan linzalarga teng ravishda taqsimlab purkashingiz va yaxshilab qurishini kutishingiz kerak. Bu jarayonni har safar ko‘chaga chiqishdan avval bajarish talab etiladi.
Ushbu yechim har qanday ko‘zoynak uchun ishlaydi: quyosh nuridan himoya qiladigan, uzoq va yaqinni ko‘rishga, suzishga va boshqa sport turlariga mo‘ljallangan ko‘zoynaklar uchun ham.
Qo‘lbola uslubda tayyorlangan vositalar
Antifoglarning afzalligi uning linzalar uchun xavfsizligidadir. Agar yana bir boshqa muqobil variantdan foydalanmoqchi bo‘lsangiz, avval ko‘zoynaklaringizni maxsus qoplama(masalan, oleofob yoki ultrabinafsha nurlarga chidamli qoplamalar)mavjudligini tekshiring. Ushbu texnik xususiyatlar, odatda, linza ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning veb-saytida keltirilgan bo‘ladi.
Hech qanday cheklovlar topmasangiz, stakanga oddiy suyuq sovun, yumshoq shampun yoki idishlarni yuvish vositasidan bir oz miqdorda aralashtiring. Qorishmani tozalangan linzalarga bir necha tomchi suring va yupqa oynalar bo‘ylab bir tekisda paxtali disk yordamida yoyib chiqing. Ko‘zoynakni to‘liq qurishi uchun qoldiring, keyin ularni yumshoq, iz qoldirmaydigan mato bilan yaxshilab artib oling.
Qaysi vositalardan foydalanmagan maʼqul?
Internetda aksar hollarda maxsus vositalarni almashtirish uchun boshqa mavjud variantlarni maslahat beriladi. Tish pastasi, glitserin va avtomobil oynalarini tozalash uchun spreylar shular jumlasidandir. Ushbu ro‘yxatdagilarning hech qaysisidan foydalanishni tavsiya etmaymiz. Tish pastasida linzalarni osongina tirnaydigan abraziv moddalar mavjud, glitserinni shishaga tekis va chiziqlarsiz surish qiyin, avtomobil spreylari, odatda, kuchli moddalardan tarkib topadi va hokazo.
Yana nima yordam bera oladi?
Quyidagi maslahatlar profilaktika uchun foydadan holi emas:
- Linzalarga tegmang. Barmoqlardan qolgan yog‘ izlari va boshqa ifloslantiruvchi moddalar kondensatsiya hosil bo‘lishini kuchaytiradi, shuning uchun ko‘zoynakka qo‘l tegizmaslikka harakat qiling. Ko‘zoynaklarni muntazam ravishda maxsus salfetkalar bilan artib turishni unutmang. Artayotganda kiyimdan yoki oddiy kundalik sochiqdan aslo foydalanmang. Dag‘al tolalar linzalarga zarar yetkazishi mumkin.
- Ko‘zoynakni faqat o‘z qolip idishida saqlang. Nam tomchilari ham birinchi galda mayda tirnalgan joylarga yopishadi, shuning uchun himoya aksessuaridan foydalanishni unutmang.
- Ko‘zoynakni burun ustidan taqing. Ular yuzga qanchalik yaqin bo‘lsa, shunchalik ko‘p terlashga moyil bo‘ladi. Havoning erkin aylanishini taʼminlash uchun ko‘zoynakni o‘zingizga qulay holda taqing: yuzga o‘ta yaqin ham emas, uzoq ham emas. Agar burunga tushib qolaversa, ramkalar mustahkamligini tekshirib olish kerak.
Manba