Kechasi telefon ishlatmang, kola ichmang. Tiniqib uxlash uchun tavsiyalar
Tiniqib va to‘yib uxlagan inson o‘zini kun bo‘yi yaxshi his qiladi, kayfiyati a’lo bo‘ladi, bo‘shashmaydi. Uyquning chala bo‘lishi esa nafaqat kayfiyat, balki salomatlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, inson asabiy bo‘lib qoladi, atrofdagilardan alamini oladi. Tiniqib uxlash uchun nima qilish kerak?Quyida ushbu savolga javob beramiz.
Foto: Marie ClaireTartibga amal qiling
Bir vaqtda uyquga yotib, bir vaqtda turishga harakat qiling. Uyqu tartibi tananing bir maromda ishlashi uchun muhim sanaladi.
Haroratga e’tibor qarating
Yuqori havo harorati to‘yib uxlashga xalaqit berishi mumkin, shuning uchun ham yotoqxonada toza havo bo‘lishiga e’tibor bering. Xona harorati 22 darajadan yuqori bo‘lmasin, uxlashdan avval derazani ochib, xonani shamollating. Uyqudan avval issiq dush qabul qilmang.
Jismoniy mashq bila shug‘ullaning
Jismoniy mashqdan keyin organizm toliqadi va dam olishni istaydi. Shuning uchun ham kun davomida yarim soat mashq bajarishga odatlaning, ammo yotishdan avval emas. Yugurish va qiyin mashqlarni tongda bajaring.
Kechqurun tarkibida kofein bo‘lgan ichimlik iste’mol qilmang
Kofein faqat qahva tarkibida emas, ko‘k choy va kolada ham bo‘lishini unutmang. Mutaxassislar kofeinli ichimliklarni kechki soat beshgacha, keyin esa suv yoki tinchlantiruvchi o‘tlardan damlangan choy ichishni tavsiya qiladi.
Yotoqxona yorug‘ bo‘lmasin
Uxlaydigan joyingizda chiroq yorug‘i bo‘lishi ham uxlashga xalaqit berishini unutmang. Bundan tashqari, tiniqib uxlashni istaydiganlarga uyqudan avval televizor ko‘rmaslik, kompyuter va telefondan foydalanmaslik tavsiya qilinadi.
Ko‘rpa-to‘shak holati ham rol o‘ynashini unutmang
Gigiyena nuqtayi nazaridan, yostiq jildlarini haftada 3 marta, shuningdek, yostiqning o‘zini 2-4 yilda almashtirib turing. Shu singari to‘shak holati ham muhim sanaladi, 10 yildan beri almashtirilmagan, cho‘nqirliklar paydo bo‘lgan to‘shakda inson qulay uxlay olmaydi, bezovtalanadi. To‘shak tekis va qattiq bo‘lishi, choyshablar yuvilgan, ozoda ekani sizning tiniqib uxlashingizda ahamiyatli sanaladi.
Manba