Vazn o‘zgarmay turaversa, nima qilish kerak?
Vazn tashlashga qaror qilgan bo‘lsangiz kutilgan natijaga erishish oson bo‘lmasligiga tayyor bo‘ling. Avvaliga jarayon juda ham jadal kechadi, ammo maqsadga erishishga biroz qolganida o‘zgarish ko‘zga tashlanmaydi. Bunga esa o‘z navbatida bir qancha sabablar bo‘lishi mumkin. Ularning orasida eng ko‘p tarqalganlarini e’tiboringizga havola qilamiz.
Foto: FreepikUglevodlarni qisqartiring
Tarkibida uglevod, ayniqsa, tez singadigan uglevod bo‘lgan taom qondagi qand miqdorining keskin ko‘payishiga olib keladi. Uning ortidan kamayishi ham kuzatiladi va oqibatda siz ochlikni takror his qilasiz. Zararli uglevodlar, ya’ni shakar, oq un va undan tayyorlanadigan mahsulotlardan tiyilish kerak, ammo uglevodlardan butkul voz kechish yaramaydi. Donli va boshqa mahsulotlar tarkibidagi sekin singadigan uglevodlar organizm faoliyati uchun muhim sanaladi.
Sport bilan shug‘ullanish
Hatto to‘g‘ri ovqatlangan taqdirda ham, sport bilan shug‘ullanishga yetarlicha vaqt ajratmasangiz, vazn o‘zgarmasligi mumkin. Kaloriya tanqisligi bo‘lganda organizm avvaliga mushaklar, keyin esa yog‘larni yo‘qotish kerak, deb hisoblaydi. Aynan shu sabab ham ozish jarayonida kuch sarflanadigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish kerak. Mushaklar qancha ko‘p bo‘lsa, metabolizm shuncha yaxshi bo‘ladi.
Iste’mol mahsulotlariga e’tibor berish
Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 80 foiz odam kundalik ratsionidan o‘rin olgan mahsulotlari qancha kaloriyaga ega ekanligi haqida bexabar. Yeyayotganingiz kamdek tuyulsa, kun davomida nimalar iste’mol qilganingiz haqida bosh qotirib ko‘ring. Buning uchun kundalik tutishingiz yoki maxsus mobil ilovalardan foydalanishingiz mumkin. Bir qarashda foydali tuyulgan aksariyat mahsulotlarda shakar va yog‘ bisyor bo‘ladi. Ovqatlanishingizni hech bo‘lmaganda bir hafta davomida tahlil qilib ko‘ring, balki nima uchun vazn kamaymayotgani haqidagi savolga shu orqali javob topishingiz mumkin.
Ko‘proq oqsil iste’mol qiling
Oqsildan tashkil topgan aminokislotalar organizm uchun muhim sanaladi. Ular metabolizmni sezilarli darajada jadallashtiradi. Kunlik kaloriya miqdorini nazorat qilgan bilan, oqsil iste’moliga e’tibor qaratilmasa, ozish jarayoni sekinlashadi. Oqsilni parchalash uchun organizm uglevod va yog‘lardan ko‘ra 20-30 foiz ko‘p energiya sarflaydi. Qolaversa, oqsil mushaklar massasini saqlashga yordam beradi.
Interval ochlikni sinab ko‘ring
Interval och qolish tizimi JSST mutaxassislari, parhezshunoslar va nutritsiologlar orasida allaqachon mashhurlikka erishgan. Bunda kun ikki qismga bo‘linadi, birinchisida ovqatlansa bo‘ladi, ikkinchisida esa yo‘q. Tizimlar turlicha bo‘ladi: ulardan eng oddiysi 14 yoki 16 soat och yurish, qolgan 10 yoki 8 soatda esa ovqatlanishdan iborat. Bunday ovqatlanish tizimi metabolizmni yaxshilashga va vazn tashlashni jadallashtirishga yordam beradi. Intervalga amal qilish uchun mobil ilova yuklab olish tavsiya qilinadi.
Tiniqib uxlash
Uyqu yetishmasligi organizm uchun stress, unga tabiiy reaksiya esa ovqatlanish bo‘ladi. O‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotga ko‘ra, uyqu yetishmasligi organizm faoliyatida hujayra darajasidagi o‘zgarishlarga olib kelishi, shuningdek, gormonal fonga ham ta’sir qilishi aniqlangan. Ochlikni rag‘batlantiruvchi grelin gormoni uch karra ko‘p miqdorda ajraladi, oqibatda haddan ortiq ovqatlanish ehtimoli ortadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, uyqusiz tundan keyin odam me’yordagi uyqudagidan o‘rtacha 385 kkal ko‘p ovqatlanadi.
Raqamlarga e’tibor bermang
Vazn ko‘rsatkichining o‘zgarmagani progress bo‘lmayotganini bildirmaydi. Vazn tibbiy me’yor chegarasida bo‘lsa, so‘nggi kilolardan qutulish murakkab bo‘ladi. Shunga qaramay, mushaklar massasi va yog‘, shuningdek, organizmning ahvoli o‘zgarishi va tashqi ko‘rinish yaxshilanishi mumkin. Asosiy maqsad raqamlar emas — go‘zal va sog‘lom tana. Shu sabab ham kilolar ko‘rsatkichiga emas, tanadagi o‘zgarishlarni kuzatishga harakat qiling.
Manba