Sovuq mavsumda shamollamaslik uchun amal qilish kerak bo‘lgan 6 ta oddiy qoida
Mutaxassislar tanani qanday mustahkamlash va mavsumiy shamollashdan qanday himoyalanish kerakligini ma’lum qildi.
Foto: Marie ClaireKoronavirus pandemiyasi hali ham pasaymagani bilan birga, hech kim immunitetga ega bo‘lmagan oddiy mavsumiy shamollashni unutmasligi kerak. Britaniyalik shifokorlar va farmatsevtlar The Express nashriga shamollash xavfini kamaytirishga yordam beradigan oltita oddiy va samarali qoidani ma’lum qildi.
Qo‘llarni yuvish kerak
Covid-19 davrida bu qoida ayniqsa dolzarb bo‘lib qoldi. Qo‘lni yaxshilab yuvish ham umumiy shamollashning oldini oladi. Doktor Aysling Moranning ta’kidlashicha, qo‘lni 20 soniya davomida sovun bilan muntazam yuvish infeksiyadan himoya qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lni sovunlab yuvishning imkoni bo‘lmasa, tarkibida 60 foiz spirt bo‘lgan antiseptik vositadan foydalanish kerak.
Vitaminga boy taomlarni iste’mol qilish lozim
Sovuq mavsumda tanani barcha kerakli moddalar bilan ta’minlash juda muhimdir. “Sog‘lom va muvozanatli ovqatlanish immunitet tizimini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, zarur bo‘lgan bir qator ozuqa moddalar mavjud: C, A, E, D, B6 va sink”, — deydi Moran.
Sochni yaxshilab quritishni unutmang
Shamollashga yuvishdan keyin to‘liq quritilmagan sochlar emas, balki ularning immunitet tizimiga ta’siri sabab bo‘ladi. “Sovuq havoda nam sochlar tana haroratining pasayishiga olib keladi, bu immunitetga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, – deydi ColdZyme farmatsevtika kompaniyasi mutaxassislari. Immunitet pasayishi bilan tana viruslarga to‘liq qarshi tura olmaydi.
Yetarlicha uxlashga odatlaning
Sog‘lom va to‘liq uyqu kuchli immunitetning kalitidir. “Uyqu vaqtida tana infeksiya va yallig‘lanishga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan sitokinlarni — oqsillarni ishlab chiqaradi. Shuningdek, uyqu immunitet T hujayralarining faoliyatini yaxshilashi mumkin. Shunday qilib, uyqu yetishmasligi kasallikka ko‘proq moyil qilishi mumkin”, – deydi shifokor Moran. Katta yoshli odam kuniga 6-9 soat uxlashi kerak. Bordi-yu, kam miqdorda uxlashga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, kun davomida bir soat uxlab olish mumkin. Biroq kechasi yetarlicha uxlash salomatlik uchun yaxshidir.
Zavqlanish ham juda muhim
Stress – shamollashga yo‘l ochuvchi yana bir muhim omil. “Hissiy xotirjamlik jismoniy salomatlikka katta ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, surunkali stress immunitet tizimini zaiflashtirishi mumkin ”, – deydi Aysling. Afsuski, hech kim stressdan himoyalanmagan, lekin uning intensivligi va tanaga ta’sirini kamaytirishning bir necha samarali usullari mavjud: meditatsiya, nafas olish amaliyoti, spirtli ichimliklarni iste’mol qilmaslik, jismoniy faoliyat, komediya tomosha qilish yoki yaqinlarni quchoqlash.
Faollik
Muntazam faollik ham shamollashning oldini olishga yordam beradi. “Jismoniy mashqlar immunitetni qo‘llab-quvvatlashi haqida ko‘plab nazariyalar mavjud. Ulardan biri shundaki, mashq qilish immunitet hujayralarining tanada tezroq harakatlanishiga yordam beradi ”, – deydi Moran. Nafaqat jismoniy, balki ma’naviy qoniqish keltiradigan mashg‘ulotlarni tanlash, ya’ni sevimli sport turi bilan shug‘ullanish ham muhimdir. Aks holda, ular faqat stressni keltirib chiqaradi.
Mavzuga doir:
- Kuz mavsumida immunitetni mustahkamlashga yordam beradigan 9 mahsulot
- Shamollashsiz kuz: kasal bo‘lishni istamaydiganlar uchun shifokorlardan 8 maslahat
- Uy sharoitida gaymoritni qanday davolash mumkin?
- Allergiya mavsumi: simptomlarni dori vositalarisiz kamaytirish usullari
- Alomatlarsiz isitma: tana haroratining ko‘tarilishiga olib keladigan 5 ta muammo
- Koronavirusdan keyingi qayta tiklanish: kasallikka chalingan bemorlar qanday taomlanishi kerak?
Manba