Tongda bosh og‘rishining 5 sababi va yechimlari
Ertalabki uyqudan uyg‘onish bilan bosh og‘rig‘ini his qilishning turli sabablari bo‘lishi mumkin.
Foto: Naturally SavvyMigren
Yer yuzidagi 10-20 % odamni migren muammosi qiynaydi. Tonggi soat 4 dan 8 gacha organizmda kam miqdorda endorfin va enkefalin, shuningdek, qon bosimini oshishiga sabab bo‘ladigan adrenalin ajralib chiqadi. Shuning hisobiga ertalab bosh og‘rig‘i bezovta qilishi mumkin. Migrenda, asosan, boshning bir tarafida o‘qtin-o‘qtin og‘riq, ko‘ngil aynishi kuzatiladi. Og‘riq kuchliligidan ishlash va dam olishga layoqat bo‘lmasligi mumkin.
Nima qilish kerak?
Simptomlar to‘g‘ri kelgani bilan tashxis aniq bo‘lishi uchun nevrologga murojaat qilish kerak.
Uyqusizlik yoki chala uxlash
Uyqu bilan bog‘liq muammo organizmning tonggi tiklanishiga xalaqit beradi, buning oqibatida esa bosh og‘rig‘i kuzatiladi. Organizm tiniqib olishi, energiyaga to‘la bo‘lishi va salomatlikda muammolar kuzatilmasligi uchun ham Amerika milliy uyqu fondi mutaxassislari kuniga 7-8 soat uxlash kerakligini ta’kidlaydi.
Nima qilish kerak?
Bir vaqtda yotib, bir vaqtda turishga odatlaning, kunduzi uxlamang. Yotoqxonangiz tinch, ortiqcha shovqinlarsiz, qorong‘i bo‘lishiga e’tibor bering. Bundan tashqari, qahvani kamroq ichishga harakat qiling.
Tushkunlik va xavotir
Tushkunlik bosh og‘rig‘ini qo‘zg‘atadigan eng asosiy sabablardan biri. Depressiyaga tushgan odamlarda quyidagi simptomlar kuzatiladi:
- ishga, atrofdagi narsalarga qiziqishning yo‘qolishi;
- yomon kayfiyat va arzimagan narsaga asabiylashish;
- tez charchash va energiyasizlik;
- aybdorlik hissi va o‘tmishdagi omadsizliklardan qiynalish;
- ishtaha va vazn odatdagidan ko‘payishi yoki kamayishi.
Uzoq vaqt tushkunlikda yurish nafaqat o‘zingizning, balki atrofdagilarning ruhiyati va salomatligiga salbiy ta’sir qiladi. Muammo jiddiy ekanini sezishingiz bilan psixoterapevtga murojaat qiling.
Spirtli ichimliklar
Spirtli ichimliklar odamni agressiv qilib qo‘yadi, uning salomatlikka zarari haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi.
Nima qilish kerak?
Agar muammo spirtli ichimlik bilan bog‘liq bo‘lsa, yechimi oddiy — ichmang!
Kofein yetishmasligi sindromi
Qahvaga qaram inson to‘satdan qahva ichmay qolganida mazkur sindrom kuzatiladi. Qahva tarkibidagi kofein miyaga ta’sir qiladi, uni iste’mol qilishdan to‘xtash esa bosh og‘rig‘iga sababchi bo‘lishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Qahva ichishni butkul bas qila olmasangiz, ichish miqdorini kamaytiring. Kuniga 5 finjon ichish odatingiz bo‘lsa, bir hafta 4, keyingi hafta 3 finjon iching.
Mavzuga doir:
- Ozishga yordam beradigan ziravorlar
- Nonushtaga nima yemaslik kerak?
- Surunkali charchoq his qilishning 6 sababi va yechimi
- Tarkibida siz o‘ylagandan ham ko‘p shakar bo‘lgan 10 mahsulot
Manba