Koronavirus antitanalari: Qachon shakllanadi va qanchagacha himoya qila oladi?
2020-yilda eng dolzarb va yosh-u qarini o‘yga solgan savollar koronavirus bilan bog‘liq. Butun dunyo aholisini COVID-19 vaksinasi va kasallanganlarda antitanalar qayta kasallanmaslikdan himoya qilishi mumkin yoki yo‘qligi bilan bog‘liq ma’lumotlar qiziqtirayotgani ham yangilik emas. Olim va mutaxassislar aniq bir to‘xtamga kelmagani bilan ehtimoli yuqori bo‘lgan ma’lumotlar yo‘q emas va ular haqida bilib qo‘yish zarar qilmaydi.
Foto: FreepikCOVID-19 immuniteti qancha vaqt mavjud bo‘ladi?
JSST ma’lumotlariga qaraganda, koronavirus yuqtirganlarning 80 foizida kasallik yengil yoki simptomsiz o‘tgan, ammo bu antitanalar ishlab chiqarilishiga ta’sir qilmagan. 2020-yilning bahorida shifokorlar organizmda immunitet paydo bo‘lish yoki yo‘qligi haqida bir narsa deyolmagan bo‘lsa, kuz fasliga kelib antitanalar bo‘lishi va kasallikdan keyin ishlab chiqarilishi aniq bo‘lgan. Ammo qancha muddat saqlanadi, degan savolga aniq bir javob berib bo‘lmaydi. Chunki bu bir necha omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Birinchidan, 75 yoshdan yuqori bo‘lgan kishilarda antitanalar konsentratsiyasi yoshlarga qaraganda tezroq kamayadi. Ikkinchi omil esa kasallikning og‘irligi bilan bog‘liq. Masalan, koronavirus bilan kasallangan shifokorlarda antitanalar konsentratsiyasi sekin kamaygan va bunga ularning faoliyati davomida doimiy ravishda yangi virus portsiyasi bilan “oziqlangani” sabab bo‘lishi mumkin.
Garvard tibbiyot maktabi va Toronto universiteti olimlari hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotlarda aniqlanishicha, antitanalarning eng ko‘p konsentratsiyasi virus bilan zararlangandan keyingi 2-4 hafta davomida ishlab chiqariladi va taxminan 4 oy himoya qilishi mumkin.
Kasallanganlarning barchasida immunitet shakllanadimi?
Bu borada ham aniq bir ma’lumot aytish qiyin, lekin ba’zi tadqiqot natijalariga ko‘ra hammada ham immunitet shakllanavermaydi, degan xulosaga kelish mumkin. Masalan, germaniyalik mutaxassislar o‘tkazgan tadqiqotda koronavirusga xos simptomlar kuzatilgan ko‘ngillilar ishtirok etgan bo‘lishiga qaramay, ishtirokchilarning to‘rtdan bir qismida antitanalar aniqlanmagan.
Koronavirus bilan qayta kasallanish mumkinmi?
Qayta kasallanish holatlari ham yo‘q emas, ammo bu birinchi yoki ikkinchi tashxis noto‘g‘ri qo‘yilgani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Siz koronavirus bilan zararlangan va antitanalar paydo bo‘lganiga qaramay, ehtiyot choralari ko‘rish kerakligini unutmang.
Hujayrali immunitet nima?
Virus bilan kurashishda antitana va T-hujayralar(T-limfositlar)ishtirok etadi. T-limfositlarning umri uzoqroq ekani sabab so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, koronavirusga immunitet shakllanishida mazkur hujayralarning roli antitanalardan ko‘proq deb xulosa qilish mumkin. Shuningdek, olimlarning avvalgi shamollash va boshqa virusli kasalliklardan keyin organizmda paydo bo‘lgan T-limfositlar koronavirusdan qisman himoyalashi mumkin, degan taxminlari ham yo‘q emas. Tabiiyki, u kasallikdan butkul himoya qila olmaydi, ammo kasallikning yengil kechishi va tez sog‘ayish imkonini berishi mumkin.
Koronavirus bilan kasallanmaganlarda ham immunitet bo‘lishi mumkinmi?
Bo‘lishi mumkin, lekin bu siz o‘ylagandek quvonarli holat emas. Gap shundaki, nafaqat virusning o‘zi, balki organizmning kuchli immun javobi ham jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Bu hali fanda aniq isbotlanmagan bo‘lsa ham, olimlar avvalgi virusli infeksion kasalliklarga javob tarzida organizmda shakllangan T-hujayralar organizmning immun reaksiyasini tezlashtirib yuboradigan va jiddiy asoratlarga sabab bo‘ladigan trigger bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilgan.
Manba