Arqonda sakrash — ortiqcha vazndan qutulishning eng yaxshi usuli
Qomatni me’yorga keltirish, ortiqcha vazndan qutulish uchun sportzalga qatnash va ortiqcha mashq bajarishga hojat yo‘q. Arqonda sakrash orqali ham yaxshi samaraga erishish mumkin.
Foto: FreepikSkipping nima?
Skipping, ya’ni bolalikdan bizga yaxshi tanish bo‘lgan arqonda sakrash bugungi kunda zamonaviy kardio mashg‘ulotlarning asosini tashkil qiladi. Ushbu mashg‘ulot nafaqat vazn tashlash, balki yurak, qon tomirlarini mustahkamlash hamda nafas olish tizimining yaxshilanishiga ham hissa qo‘shadi. Kun davomida 15 daqiqa arqon bilan sakraganda metabolizm tezlashib, qon aylanishi, yog‘ erishi jadallashadi, shuningdek, mushaklar tonusi me’yorda bo‘ladi. 1 soat vaqt sarflanganda o‘rtacha 700 kaloriyadan qutulish mumkin.
Qanday arqon tanlagan yaxshi?
Sakrash uchun qulay va qomatni to‘liq yopib turadigan libos hamda krossovka kiyish kerak. Arqon rezinka yoki yumshoq plastikdan ishlangan bo‘ladi. Rezinkadan ishlangan arqon unchalik qimmat bo‘lmaydi va undan havaskorlar foydalanishi mumkin. Ikkinchisi qimmat turadi va aylantirish qiyin ekani hisobiga hamma ham undan foydalanavermaydi. Ammo ushbu arqondan foydalanganda ko‘proq va tezroq kaloriya parchalanadi. Ushlaydigan joyi og‘ir bo‘lgan boshqa turdagi arqonlar ham mavjud. Qanchalik og‘ir bo‘lsa, mushaklar shunchalik pishib boradi.
Arqonning uzunligi ham muhim rol o‘ynaydi. Haddan ortiq kalta yoki uzuni turli shilinish, ko‘karish va boshqa noqulayliklarga olib keladi. To‘g‘ri uzunlikdagisini tanlash uchun ikki uchini ikkita qo‘l bilan ushlash hamda uning o‘rtasiga turish kerak. Qo‘llarni tepaga ko‘targanda arqon uzunligi ko‘krak qafasigacha ko‘tarilishi kerak.
Qanday sakrash to‘g‘ri?
Har bir mushaklar guruhi uchun alohida mashq bajarish kerak. Istalgan sport turi bilan shug‘ullanishdan avval arqon bilan sakrab, qizib olish yaxshi samara beradi. Buning uchun 1,5 daqiqa davomida 80 ta sakrash kifoya qiladi. Bir safar bir oyoqda, keyingi safar esa ikkinchi oyoqda, jami 2-5 daqiqa davomida sakrang. Boldir, bo‘ksa mushaklariga yaxshi samara berishi uchun oyoqlarni biroz bukkan holda sakrang. Faqat bundan avval arqon uzunligini o‘zingizga moslab oling. Daqiqasiga 80 martadan 3-5 daqiqa davomida sakrang.
Manba