Chaqaloqlardagi notinch uyquning 6 sababi
Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev chaqaloqlar notinch uxlashining sabablari haqida so‘zlab berdi.
Chaqaloqlarning uch oylik bo‘lgunigacha kuzatiladigan notinch uyqusi ota-onani ko‘p tashvishga soladi. Endigina uxlab qolgan chaqaloq uyg‘onib ketib, birdan qattiq yig‘laydi, qo‘l-oyoqlarini tipirchilatadi. Bunga nima sabab bo‘lishi mumkin?
Foto: Google ImagesChaqaloqlar qancha uxlashi kerak?
Uyqu me’yori jajji odamlar hayotining dastlabki uch oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, 14—17 soatni tashkil qilishi kerak. Biroq bu raqamlar taxminiy, agar chaqaloq bundan ko‘p yoki kamroq uxlasa, lekin o‘zini yaxshi his qilsa, xavotir olishning keragi yo‘q.
Uch oygacha bo‘lgan chaqaloqlar uyqusida:
- skelet shakllanishida muhim rol o‘ynaydigan somatotropin gormoni ishlab chiqariladi;
- immunitetni tiklaydigan T-limfotsitlar faollashadi va virus hamda bakteriyalarni yo‘q qiladi;
- to‘qimalarda metabolizm jarayoni kuchayadi;
- hujayralar yangilanadi;
- asab tizimi bo‘shashadi.
- Sekin uyqu davri: miya nofaol, tana bo‘shashgan, nafas olishi bir tekis va hotirjam, go‘dak to‘liq dam oladi, jismoniy kuchni tiklaydi.
- Tez uyqu davri: yurak urishi, nafas olishi tezlashadi, qo‘l-oyoq, ko‘zlari harakatlanadi, tush ko‘radi.
Bezovta uyquning asosiy sabablari:
- bolaning qorni to‘ymasligi — ochlik;
- qorin dam bo‘lishi;
- ortiqcha his-tuyg‘ular;
- noqulay uyqu sharoiti;
- organizmdagi kasalliklar;
- intrakranial bosimning oshishi.
Ona suti bilan oziqlanadigan bolalar ovqatlanish uchun har 1—3 soatda uyg‘onadi, sun’iy aralashmalarda har 2—5 soatda ovqatlanadi, chunki oshqozon-ichak trakti uchun bo‘tqaning hazm jarayoni uzoqroq davom etadi. Ko‘krak suti bilan oziqlanadigan kichkintoylarni ularning talabi bo‘yicha parvarishlash tavsiya etiladi. Bu bolaning oziqaviy ehtiyojini qondiribgina qolmay, balki tinchlanishini ham ta’minlaydi. Ona bolasini ortiqcha ovqatlanishidan qo‘rqmasligi kerak, ular hech qachon kerakli miqdoridan ko‘p ovqat yemaydi.
Bolaning qorni tez ochganligi uchun ham tez-tez uyg‘onadi. Bunga onadagi sutning kamligi sabab bo‘lishi ham mumkin. Ushbu vaziyatda bola uyqusida bezovta bo‘ladi, bundan tashqari, oziqa yetishmasa, vazni yetarlicha ko‘paymaydi, peshob chiqarishi kamayadi va terining qurishi kuzatiladi.
Qorin dam bo‘lishi
Olimlar fikriga ko‘ra, oshqozon-ichak yo‘llari hali butkul yetilmagan va nomukammal motor funksiyasi ichaklarda gaz hosil bo‘lishiga olib keladi va og‘riq beradi. Bunda bola bezovtalanadi, yaxshi ovqatlanmaydi, kekiradi, ko‘ngli ayniydi, ko‘pincha oyoqlari tepinadi. Ba’zida boshini orqaga tashlashi mumkin. Qorin dam bo‘lishi fiziologik me’yor bo‘lib, uch oydan oshgandan so‘ng o‘z-o‘zidan kamayadi.
Bunday vaziyatda qanday yo‘l turish kerak?
Ona parhezga ahamiyat berishi zarur: shirinlik, dukkakli mahsulotlar, sabzovotlardan karam, turp va gazli ichimliklarni iste’mol qilmasligi kerak. Sun’iy oziqlantirilsa, bo‘tqalarni to‘g‘ri tanlay bilish kerak.
Ovqatlanayotganda burundan nafas olish, og‘izdan havo yutmaslik, ovqatlangandan so‘ng bolani tik holatda biroz ko‘tarish tavsiya etiladi.
Ortiqcha his-tuyg‘u
Dastlabki uch oyda eshitish va ko‘rish tez rivojlanadi. Chaqaloq eshitganlarini ko‘rganlari bilan taqqoslashni o‘rganadi va bir-biriga bog‘lashga harakat qiladi. Uyqu paytida bolaning miyasi uyg‘oqlik paytida olgan barcha taassurotlarni qayta ishlaydi va tahlil qiladi. Shuningdek, baland musiqa, ko‘plab odamlar, kuchli emotsiyalar — uyqu buzilishiga olib keladi.
Noqulay uyqu sharoiti
Xonadagi havo harorati 20—22 daraja, havo namligi 40—60 foiz, tabiiy matolardan tikilgan kiyimlar, namlangan taglikni vaqtida almashtirish zarur.
Somatik kasalliklar
Chaqaloqlarda eng ko‘p uchraydigan somatik kasalliklar — burun bitishi va teri yallig‘lanishidir. Burun bitishi tufayli nafas olishi qiyinlashadi va uyqusi buziladi. Qizarish va qichishish terini yallig‘lantiradi va bolani bezovta qiladi. Bu holda shifokor bilan maslahatlashib, davolash choralarini ko‘rish kerak.
Intrakranial bosim oshishi
Miyaning biologik suyuqligi suv, aminokislotalar, fermentlar, mikroelementlardan iborat. U miya va orqa miya hujayralarini oziqlantiradi va metabolik chiqindilarni chiqarib tashlaydi. Suyuqlikning ko‘payishi intrakranial bosimning oshishiga olib keladi.
Belgilari: sababsiz ko‘p yig‘laydi, uyqisi notinch bo‘ladi, ko‘p qayt qiladi, ishtaha kamayadi, boshi kattalashishi mumkin. Ushbu vaziyatda bolalar nevropatologi bilan maslahatlashib, davolash ishlarini olib borish zarur.
Manba