Shifokor retseptisiz qabul qilish xavfli bo‘lgan 6 vitamin
Bugungi kunda vitaminlar deyarli har qanday kasallikning oldini olish uchun universal vosita deb hisoblanadi va ulardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar har bir internet portalida mavjud. Ammo shuni yodda tutish kerakki, ularning ko‘pchiligini mutaxassisga murojaat qilmasdan qabul qilish organizm uchun xavfli bo‘lishi mumkin.
Foto: Marie ClaireVitaminlar sog‘liq uchun juda muhim bo‘lgan biologik faol birikmalardir. Vitaminlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ularning aksariyati bizning tanamizda shakllanmagan, shuning uchun ularni doimiy ravishda tashqaridan oziq-ovqat yordami bilan ta’minlash kerak. Biroq oziq-ovqatdan ham yetarli miqdorda vitamin olish mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud. Bunday hollarda ushbu muhim moddalarning ma’lum miqdorini o‘z ichiga olgan qo‘shimchalarni buyurish mumkin. Ammo hamma vitaminlarni ham shifokorning retseptisiz olish mumkin emas. Ulardan ba’zilari nazoratsiz qabul qilinganda tanaga jiddiy zarar etkazishi mumkin.
D vitamini
D vitamini butun dunyo bo‘ylab ancha mashhur bo‘lib qoldi. Tarkibi va ta’siri bo‘yicha ushbu modda gormonlarga o‘xshaydi. D vitamini kalsiy metabolizmida muhim rol o‘ynaydi, ichakdagi kalsiyning singishini va organizmdan chiqarilishini kamaytiradi. Shuningdek, kalsiyning suyak to‘qimalariga kirib borishiga yordam beradi, suyaklarning mustahkam bo‘lishini ta’minlaydi.
D vitamini kalsiy almashinuviga ta’sir qilishdan tashqari, ayniqsa, prenatal davrda immunologik holatni shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi, ya’ni aslida u autoimmun jarayonlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Virusli va bakterial infeksiyalarga chidamliligini oshirish, saraton va qandli diabet xavfini kamaytirish nuqtayi nazaridan immunitet tizimiga ta’siri borligi isbotlangan.
Shuni ta’kidlash kerakki, bu kasallikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmaslik emas, balki faqat xavfni kamaytirish bilan bog‘liq, chunki kasallikning rivojlanishiga boshqa omillar ham ta’sir qiladi. D vitamini tanaga oziq-ovqat bilan kiradi, shuningdek, quyosh nurlari ta’sirida terida sintezlanadi. Baliq, tuxum, sariyog‘da oz miqdorda D vitamini mavjud bo'lib, ular kunlik ehtiyojni qondira olmaydi.
Preparatni nazoratsiz qabul qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin: giperkalsimiya – qonda juda ko‘p kalsiy to‘planib qoladigan holat va uning tomirlar yoki yumshoq to‘qimalarda cho‘kishi. D vitaminini haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish buyrakda toshlar paydo bo‘lishi va hatto sinish xavfining ortishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
E vitamini
Aslida, bu nafaqat bitta vitamin, balki yog‘da eriydigan vitaminlarning butun guruhidir. U bug‘doy urug‘i, avokado, yong‘oq, kungaboqar urug‘i va turli xil sabzavotlarda uchraydi. E vitaminining yetarli miqdori o‘simlik moylarida mavjud.
E vitaminining asosiy ta’siri antioksidantdir. U hujayralardagi peroksidlanishning oldini oladi va immunitetni oshirishda, saraton, yurak-qon tomir kasalliklari va yallig‘lanishdan himoya qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Ammo E vitaminining yuqori dozalari qon ivishiga xalaqit berib, qon ketishiga olib kelishi mumkin. Bu, ayniqsa, qonni suyultiruvchi dorilarni, masalan, aspirin, shuningdek, gemorragik insult yoki jigar kasalligiga chalingan odamlar uchun juda xavflidir.
C vitamini
C vitamini suvda eruvchan vitamin hisoblanadi, shuning uchun u odatda organizmda qolmay, peshob bilan ajralib chiqadi. Mazkur vitamin deyarli barcha o‘simlik mahsulotlarida – ayniqsa sitrus mevalar, bulg‘or qalampiri va brokkolida uchraydi.
C vitamini to‘qimalarning o‘sishi va tiklanishiga yordam beradi, immunitet tizimiga ta’sir qiladi, kollagen sintezini rag‘batlantiradi, serotonin hosil bo‘lishida ishtirok etadi va shuningdek, antioksidant xususiyatlarini namoyish etadi.
Ba’zi odamlarda C vitaminining yuqori dozalari diareya, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, gastrit, charchoq, qizib ketish, bosh og‘rig‘i va uyqusizlik kabi alomatlarga olib kelishi mumkin va ularni shifokor bilan maslahatlashmasdan ichish mumkin emas. Surunkali jigar yoki buyrak kasalligi, podagra yoki buyragi tosh tufayli bilan og‘rigan insonlar C vitaminini yuqori dozalarini qabul qilmasliklari kerak.
A vitamini va beta-karotin
A vitamini – bu ko‘rish qobiliyati uchun ajralmas bo‘lgan kuchli antioksidantdir. U suyak, tish, terilarni sog‘lom shakllantirish va saqlashda ishtirok etadi. Tuxum, go‘sht va sut mahsulotlari kabi hayvonot mahsulotlarida uchraydi. Beta-karotinning manbalari: to‘q sariq va sariq rangli mevalar va sabzavotlar, quyuq yashil bargli sabzavotlar.
A vitaminining katta dozalarda nazoratsiz ishlatilishi homilador ayollar uchun, ayniqsa, dastlabki bosqichlarda xavflidir. Chunki bu homila yetishmovchiligi xavfining ortishi bilan bog‘liq. Vitamin antioksidant xususiyatlariga qaramay, uzoq vaqt davomida A vitamini, beta-karotin va E vitaminini iste’mol qilish chekuvchilarda o‘pka saratoni xavfi ortishi bilan bog‘liqdir.
Folik kislota(vitamin B9)
Yangi hujayralarni shakllantirish uchun juda muhimdir. Homiladorlikning boshida qabul qilinganda homila tarkibida miya va umurtqa pog‘onalarida nuqsonlarning oldini olishga yordam beradi. Yurak kasalligi xavfini kamaytirishi mumkin. Ba’zi olimlarning fikriga ko‘ra, folatning yetarli miqdori DNK xatolarini to‘g‘rilash orqali saraton o‘smalarining rivojlanishidan himoya qilishi mumkin, ammo foliy kislotasining ko‘pligi mavjud o‘smalarning o‘sishiga ham yordam beradi. B9 vitaminining manbalari: sabzavotlar, ayniqsa, quyuq yashil, yangi uzilgan mevalar, jigar, dengiz mahsulotlari va tuxum.
Vitamin B6
Mazkur vitamin ham bir qancha metabolik jarayonlarda qatnashadi, yurak xastaligi rivojlanish xavfini kamaytirishga yordam beradi. Serotonin sintezida,uxlash jarayonida, ishtahani va kayfiyatni boshqarishda muhim rol o‘ynaydi, gemopoezda qatnashadi. Kognitiv qobiliyat va immunitet funksiyasiga ta’sir qiladi. Go‘sht, baliq, parrandachilik, kartoshka, sitrus bo‘lmagan mevalarda uchraydi.
Bir yil yoki undan ko‘proq vaqt davomida ko‘p miqdordagi B6 vitaminini iste’mol qilish periferik asablarga zarar yetkazishi va suyak og‘rig‘i, mushaklarning zaiflashishi, uyqusizlik, oyoq-qo‘llaridagi mushaklarning majburiy qisqarishi va yurishning qiyinlashuviga olib kelishi mumkin.
Shunday qilib, vitaminlarni qabul qilish, ba’zida hatto sog‘liqqa xavfli bo‘lishi mumkin. Vitaminlarni qabul qilishni boshlashdan oldin yetishmovchilik alomatlarini aniqlashda yordam beradigan shifokor bilan maslahatlashish kerak. Shuningdek, ularni aniqlash uchun zarur bo‘lgan tekshiruvlardan o‘tish kerak. Laboratoriya tekshiruvlari bilan qonda deyarli barcha vitaminlarni aniqlash mumkin. Agar tahlillarda muammo aniqlansa, shifokor davolanish va yetishmovchilikning oldini olish uchun kerakli dozani hisoblab chiqadi.
Manba