Bolalarga ertak o‘qib berishning organizm uchun qanday foydasi bor?
Hamma millatlarda bolalarga ertak o‘qib berish odat tusiga kirgan. Ular farzand va ota-ona o‘rtasida o‘zaro aloqa o‘rnatishga yordam beradi. Ertaklar ijtimoiy olamning soddalashtirilgan modelidir.
Foto: PinterestUlar bolalarga jamiyatni anglashga, qiyinchiliklarni yengishga o‘rgatadi. Qolaversa, tinglovchi ertak voqealariga singib ketadi va real dunyodan chetlashadi. Balki, shuning uchun ham ko‘p mamlakatlarda shifoxonaga yotqizilgan bolalarga ertak o‘qib beriladi. Bu og‘riqli holatdan chiqishga yordam beradi. Olimlar tadqiqotlarda ertaklar bolalarning ham psixologik, ham jismoniy holatiga sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Bolalar ertak tinglaganda o‘zaro bog‘lanish gormoni oksitatsinning ko‘payishi va stress gormoni kartizolning kamayishi Braziliyada o‘tkazilgan tadqiqot natijalarida ma’lum bo‘ldi.
Ertaklarning ta’sirini aniqlash uchun olimlar biomarkerlar(oksitatsin, kartizol), subyektiv og‘riqni sezish testlari va psixologik taassurotlar ko‘rsatkichini o‘rgandi. Tadqiqotda shifoxonada katta tajribaga ega hikoyachilar va 81 nafar bola ishtirok etdi. Ertakchilar bilan muloqat qilishdan oldin va keyin og‘riq darajasining his qilish va so‘lak namunalari tekshirildi, shuningdek, shifoxonada qolish bilan bog‘liq tasavvurlar so‘raldi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, oksitotsin miqdori ko‘payganligi, kartizol esa aksincha pasayganligi og‘riq kuchi kamayganligidan darak beradi. Psixolingvistik holat tahlilida ham sezilarli farqlar bor, masalan, berilgan savollarga tadqiqotdan avval: “hamshira – achchiq dorilarni beruvchi qahr qattiq xola”, “shifokor – menga igna sanchgan yovuz odam”, “kasalxona – uyimdan ayirgan yomon joy”; tadqiqotdan keyin: “hamshira – sog‘ayishimga yordam beradigan xushchaqchaq xola”, “shifokor – menga g‘amxo‘rlik qiladigan odam”, “kasalxona – men tuzalgunimcha yashaydigan joy” singari javoblar olindi.
Shifoxonaga yotqizilgan bolalar stressni boshdan kechiradi, chunki ular to‘satdan notanish muhitga tushib qoladi, ota-ona va do‘stlar bilan aloqani yo‘qotadi. Bunda ertaklarni o‘qish shifoxonada yolg‘izlangan bolalarda og‘riqning subyektiv hissini kamaytirishga va stressdan xalos bo‘lishga yordam beradi. Bundan tashqari, ushbu usul har bir ota-ona uchun ham eng qulayidir.
Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Mavzuga doir:
- Bolalarni erta uxlatishning salomatlikka qanday ta’siri bor?
- Farzandingizning bilim va tarbiya olishida televizor, planshet va telefondan oqilona foydalanish yo‘llari
Manba